O‘n sakkiz yoshga to‘lgan va muomala layoqatiga ega bo‘lgan chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hisoblangan vatandosh O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga soddalashtirilgan tartibda qabul qilish bo‘yicha murojaat qilish mumkin, agar u:
a) O‘zbekiston Respublikasi hududida yashaydigan va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan, nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan loaqal bitta o‘zidan oldingi qarindoshga ega bo‘lsa;
b) tirikchilikning qonuniy manbaiga ega bo‘lsa;
v) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga olsa;
g) Davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga soddalashtirilgan tartibda qabul qilish yuzasidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- iltimosnoma;
- so‘rovnoma;
- tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
- chet davlat fuqarosining pasporti yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjati yoxud yashash guvohnomasi (fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ID-kartasi);
- nikoh tuzilganligi yoki nikoh bekor qilinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma (mavjud bo‘lsa);
- iltimosnomada bola ko‘rsatilgan taqdirda, uning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi va chet davlat fuqarosining pasporti yoki yashash guvohnomasi yoxud fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ID-kartasi (mavjud bo‘lsa), bunda o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolaning yozma roziligi olinadi;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida yashaydigan va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan, nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan o‘zidan oldingi qarindoshining pasporti (ID-kartasi);
- tirikchilikning qonuniy manbalari mavjudligin tasdiqlovchi hujjat;
- o‘zlari fuqarosi bo‘lgan davlatning mutasaddi organidan sudlanganlik holati mavjud yoki yo‘qligini tasdiqlovchi hujjat;
- Davlat boji (konsullik yig‘imi) to‘langanligi to‘g‘risidagi hujjat;
- Davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilishini tasdiqlovchi hujjat vakolatli organ tomonidan idoralararo ma'lumot almashinuvi tizimi orqali olinadi.